Bo'limlar

Dashboard, kassa va smena

Bu bo'lim kassir har kuni ishlatadigan uchta narsa haqida: Dashboard (bosh sahifa), kassa oynasi va ish smenasi. Bu yerda smenani ochish va yopish, kassadagi naqd pulni nazorat qilish, kassa orderi yozish va smena hisobotini chop etish tushuntiriladi.

Smena nima uchun kerak

Smena — bitta kassirning ish vaqti. Smena ochilganda kassadagi naqd pul yoziladi, yopilganda pul qayta sanaladi. Tizim smena davomida kassada qancha pul bo'lishi kerakligini o'zi hisoblaydi. Siz faqat sanalgan pul bilan solishtirasiz.

Dashboard'dagi raqamlar ham smena ochilgan paytdan hisoblanadi. Shuning uchun smena kunlik tushumni ajratib ko'rishga yordam beradi.

Smena ochish va yopish, kassa orderlari uchun xodimda alohida huquq bo'lishi kerak. Batafsil: Xodimlar va huquqlar.

Smenani ochish

  1. Panelga telefon va parol bilan kiring (batafsil: Boshlash).
  2. «Klubni tanlang» oynasida klubni bosing va «Klubni tanlash» tugmasini bosing. Klub bitta bo'lsa ham bu oyna chiqadi; oxirgi ochilgan klub oldindan tanlangan bo'ladi.
  3. Smenasi ochiq klubda «Smena ochiq» belgisi turadi. Smenasi yo'q klubni tanlasangiz, darhol «Yangi smena ochish» oynasi ochiladi. Smena holati hali kelmagan bo'lsa, qisqa «Yuklanmoqda…» yozuvi ko'rinadi.
  4. Oynaga kassadagi naqd pul miqdorini kiriting va smenani oching.
  5. Smena ochiladi va Dashboard ko'rinadi.

Smena ochmasdan ham davom etish mumkin — panel ishlayveradi, lekin smenaga bog'liq to'lovlar (masalan, «Bo'lib») o'tmaydi.

Siz klub ro'yxatini ko'rib turgan paytda boshqa kassir smenani ochib qo'ygan bo'lishi mumkin. Unda smena ochish oynasi chiqmaydi, to'g'ridan-to'g'ri Dashboard ochiladi.

Telegram ulangan bo'lsa, smena ochilgani va yopilgani haqida botga xabar boradi. Bu xabar sukut bo'yicha yoqiq, lekin avval bot ulangan bo'lishi kerak: «Sozlamalar» → «Integratsiyalar». Batafsil: Sozlamalar (2).

Dashboard: nimani ko'rsatadi

Dashboard'dagi raqamlar smena ochilgan paytdan boshlab hisoblanadi. Smena ochilmagan bo'lsa — bugun soat 00:00 dan. Sahifa har 30 soniyada o'zi yangilanadi.

Xodim kartochkasi

Unda kim ishlayotgani ko'rinadi: xodimning ismi va telefoni. Pastida smena ochilgan sana va vaqt turadi. Smena ochilmagan bo'lsa, «Smena yopiq» yozuvi chiqadi.

Tushum kartochkasi

QatorNimani ko'rsatadi
«Tushum»Smena boshidan beri umumiy tushum
«Kassada naqd»Hozir kassada bo'lishi kerak bo'lgan naqd pul
«Smena boshida»Smena ochilganda kiritilgan naqd pul
«Naqd»Naqd tushum va uning umumiy tushumdagi ulushi (%)
«Karta»Karta orqali tushum va uning ulushi (%)

Sotuvlar kartochkasi

  • «Tariflar» — sotilgan o'yin vaqti.
  • «Tovarlar» — bar va do'kon savdosi.
  • «To'ldirishlar» — mijozlar depozitiga solingan pul.
  • «Xizmatlar» — vaqtsiz xizmatlar.

Depozit kartochkasi

  • «Depozitdan sarf» — mijozlar depozitidan to'langan summa.
  • «Onlayn to'ldirishlar» — mijozlar Payme yoki Click orqali o'zi to'ldirgan summa.

«Onlayn to'ldirishlar» yonidagi (i) belgisi ustiga sichqonchani olib boring. Payme yoki Click ulangan bo'lsa, «Mijozlar Payme yoki Click orqali o'zi to'ldirgan summa.» degan izoh chiqadi. Ulanmagan bo'lsa — «Integratsiya ulanmagan. Sozlamalar → Integratsiyalar bo'limida ulash mumkin.» yozuvi va «Sozlamalarga o'tish» tugmasi.

Bonus kartochkasi

«Bonusli to'ldirishlar» — smena davomida mijozlar hisobiga qo'shilgan bonus summasi.

Kompyuterlar holati

Kartochkalar ostidagi qatorda PC'lar holati ko'rinadi:

YozuvMa'nosi
«Kompyuterlar:»Jami PC soni
«Yoqilgan:»Hozir yoniq PC'lar
«Faol seans:»Ochiq seanslar. Mehmon belgisi yonida — mehmon seanslari, mijoz belgisi yonida — ro'yxatdan o'tgan mijozlar seanslari soni
«Xizmat ko'rsatish:»Ta'mirdagi PC'lar
«Yuqori kirish:»Xodim rejimida ochilgan PC'lar
«Shell o'chiq:»Shell ishlamayotgan PC'lar

PC'lar haqida batafsil: PC'lar.

Vazifalar

Bu yerda xodimlarga topshiriq beriladi. Ikki yorliq bor: «Faol vazifalar» va «Bajarilgan vazifalar».

Vazifa qo'shish:

  1. «Vazifa qo'shish» tugmasini bosing. «Vazifa yaratish» oynasi ochiladi.
  2. «Vazifa» maydoniga topshiriq matnini yozing.
  3. «Bajarish muddati» sanasini tanlang. Sukut bo'yicha ertangi sana turadi, vaqti — 23:59. Sanani tozalab, muddatsiz qoldirish ham mumkin.
  4. «Ijrochi» ro'yxatidan xodimni tanlang. Bu ixtiyoriy. Ro'yxatda faqat ishlayotgan (bloklanmagan) xodimlar chiqadi.
  5. «Yaratish» tugmasini bosing. Matn yozilgach, Enter ham ishlaydi. «Bekor qilish», × yoki Esc oynani hech narsa saqlamasdan yopadi.

Vazifani bajarilgan deb belgilash uchun qatordagi katakchani bosing — u «Bajarilgan vazifalar» yorlig'iga o'tadi. Qayta bossangiz, vazifa yana ochiladi. Savat belgisi vazifani o'chiradi, oldin «… vazifasi o'chirilsinmi?» degan tasdiq so'raladi.

Ustun sarlavhalari («Vazifa», «Bajarish muddati», «Ijrochi») bosilsa, ro'yxat shu ustun bo'yicha saralanadi. Vazifa bo'lmasa, «Faol vazifalar yo'q» yoki «Bajarilgan vazifalar yo'q» yozuvi chiqadi.

Sotilganlar

Uchta yorliq bor: «Sotilgan tovarlar», «Sotilgan tariflar», «Ko'rsatilgan xizmatlar». Har birida «Nomi», «Miqdori» va «Narxi» ustunlari ko'rinadi. Ustun sarlavhasini bosib saralash mumkin; sukut bo'yicha eng ko'p summa tepada.

Faol mijozlar

Tanlangan davrda o'ynagan mijozlar ro'yxati. Davr o'ngdagi ro'yxatdan tanlanadi: «Kun bo'yicha» (sukut), «Hafta bo'yicha» yoki «Oy bo'yicha».

Ustunlar: «Nik», «Sarf», «Jami soat», «Oxirgi tashrif». Mijoz nikini bossangiz, uning kartochkasi ochiladi. Mijoz bo'lmasa — «Tanlangan davrda faol mijozlar yo'q :(». Batafsil: Mijozlar.

Klub akkauntlari

Uchta yorliq bor:

  • «Akkaunt guruhlari» — guruh nomi, «Platforma», guruhdagi «Akkauntlar» soni va ulardan nechtasi «Band».
  • «Band akkauntlar» — «PC nomi», «Akkaunt guruhi» va login, «Holat» («Band» yoki «Bo'sh»), «Vaqt» (qachondan beri, masalan «2 soat 15 daq»).
  • «Muammoli akkauntlar» — ban yoki cheklov topilgan akkauntlar: guruh va login, «Holat», «Sabab», «Tekshirildi» vaqti. Yorliqda ularning soni ko'rinadi. Muammo bo'lmasa — «Ban yoki cheklovli akkauntlar yo'q :)».

Har yorliqdagi «Akkauntlar» havolasi va guruh nomi klub akkauntlari sahifasiga olib boradi. Batafsil: Kontent.

Kassa oynasi

«Kassa» oynasida smena davomidagi naqd pul hisobi ko'rinadi. Shu oynada kassa orderi yoziladi, svet qarzlari boshqariladi, hisobot chop etiladi va smena yopiladi. Orderni panel tepasidagi «+» tugmasi orqali ham yozish mumkin: «Kirim orderi» va «Chiqim orderi» bandlari kichik oyna ochadi — «Summa», «Izoh», «Kassada X → Y S'» qatori (kassada qancha bo'lishi) hamda «Bekor qilish» va «Kiritish · …» / «Olish · …» tugmalari.

Kassada qancha pul bo'lishi kerak

Oynaning yuqorisidagi jadval:

QatorMa'nosi
«Smena boshida»Smena ochilganda kiritilgan naqd
«Naqd savdo»Smena davomida naqd olingan pul (+)
«Kassaga solingan»Kirim orderlari (+)
«Kassadan olingan»Chiqim orderlari (−)
«Kassada bo'lishi kerak»Yuqoridagilarning natijasi

«Kassada bo'lishi kerak» summasini server hisoblaydi. Panel uni faqat ko'rsatadi.

Jadval ostida naqd bo'lmagan to'lovlar alohida yoziladi: «Naqd bo'lmagan: karta … · depozit … · onlayn …».

Kassa orderi (pul solish yoki olish)

Order — sotuvga bog'liq bo'lmagan pul harakati. Masalan, kassaga mayda pul solish, inkassatsiya yoki xarajat uchun pul olish.

  1. «Order qo'shish» bo'limida «Amal» ro'yxatidan «Kassadan olish» yoki «Kassaga solish»ni tanlang.
  2. «Summa (S')» maydoniga summani butun so'mda kiriting. Faqat raqamlar qabul qilinadi.
  3. «Sabab *» maydoniga sababni yozing. Masalan: inkassatsiya, suv oldik. Sabab yozilmasa yoki summa 0 bo'lsa, «Order qo'shish» tugmasi bosilmaydi.
  4. «Order qo'shish» tugmasini bosing. Jadvaldagi «Kassada bo'lishi kerak» darhol yangilanadi.

Yozilgan orderlar «Orderlar (N)» ro'yxatida turadi: «solindi» yoki «olindi», summa, sabab va kim yozgani.

Smena yopilgandan keyin order yozib bo'lmaydi.

Svet qarzlari

Svet o'chganda mehmon seansi pauzaga tushadi. Pauza muddati o'tib seans yopilsa, mehmonning ishlatilmay qolgan puli «svet qarzi» bo'lib qoladi. Kassa oynasida u alohida ko'rinadi:

  • «Shu smenada svet qarzi: N ta, … S' (sotuvlar ichida — qaytariladigan)» — shu smenada paydo bo'lgani;
  • «Svet qarzi qaytarildi: naqd … · karta …» — qaytarilgani;
  • «Ochiq svet qarzlari (hamma smenalar): N ta, … S'» — hali yopilmagani.

Ochiq qarzlar ro'yxati smena yopilmaguncha shu oynada «Svet: qaytariladigan» bo'limida turadi. Har bir qarz uchun: «Naqd qaytarish» (chiqim orderi yoziladi), kartaga qaytarish, «Seansga ishlatish» (mehmon qaytib kelganda qolgan pul yangi seansga ketadi; yetmasa farqi naqd yoki karta olinadi) va «Bekor» (faqat egasi yoki menejer, sabab bilan).

Bu pul tushumga aralashmaydi va smena ochiq ekanligi haqidagi hisobotda alohida qatorlarda chiqadi. Ochiq svet qarzi smenani yopishga to'sqinlik qilmaydi. Svet o'chganda nima bo'lishi haqida batafsil: Seans.

Smena hisoboti va uni chop etish

Smena hisobotida quyidagilar bo'ladi: kassada qancha pul bo'lishi kerak, qancha sanalgan, nima sotilgan. Svet qarzlari alohida qatorlarda chiqadi. Sozlamada yoqilgan bo'lsa, ombordagi barcha tovar qoldiqlari ham hisobotga kiradi.

  1. Kassa oynasida «Hisobotni chop etish» tugmasini bosing.
  2. Brauzerning chop etish oynasi ochiladi — printerni tanlang.
  3. Chop etilgandan keyin tugma yonida «Chop etilgan: …» va vaqt ko'rinadi. Server ham hisobot chop etilganini eslab qoladi.
SozlamaNima qiladiSukutChegara
Hisobotni majburiy chop etishHisobot chop etilmasa smena yopilmaydi (server ham tekshiradi)O'chiq—
Hisobotga barcha tovar qoldiqlariSmena hisobotiga ombordagi barcha qoldiqlar qo'shiladiO'chiq—

Bu sozlamalar «Sozlamalar» → «Boshqaruv paneli» bo'limida tekshirish kerak. Batafsil: Sozlamalar (1).

Smenani yopish

Smenani ikki yo'l bilan yopish mumkin: Kassa oynasidan (sanalgan pul bilan) yoki «Smena yakuni» oynasidan (parol bilan).

Kassa oynasi orqali

  1. Kassa oynasida «Smenani yopish» tugmasini bosing.
  2. «Kassada sanalgan pul (S') *» maydoniga sanalgan pulni yozing. Maydonda oldindan «Kassada bo'lishi kerak» summasi turadi — pul boshqacha chiqsa, o'zgartiring.
  3. Pastda natija ko'rinadi: «Farq yo'q», «Kamomad … S'» yoki «Ortiqcha … S'».
  4. «Smenani yopish» tugmasini bosing. Fikringizdan qaytsangiz, «Bekor»ni bosing.

Smena yopilgach, oynada «Sanalgan … ·» va farq («farq yo'q», «kamomad …» yoki «ortiqcha +…») qoladi. Farqni yozib oling, keyin «Yopish»ni bosing.

«Smena yakuni» oynasi orqali

Bu oyna smenani parol bilan yakunlash uchun. U ikki bosqichda ochiladi: avval smena yakuni — klub, «Tushum» (naqd va karta) va «Kassada naqd» (smena boshidagi summa bilan), «Davom etish» tugmasi; keyin parol. Unda sanalgan pul so'ralmaydi — faqat parol va izoh.

  1. «Parol» maydoniga o'z parolingizni kiriting. Ko'z belgisi («Ko'rsatish» / «Yashirish») kiritilgan parolni ochib ko'rsatadi.
  2. Kerak bo'lsa, «Izoh» yozing. Izoh chop etiladigan hisobotga ham tushadi.
  3. «Hisobotni chop etish»ni bosing. Hisobot chop etilgach, tugma nomi «Hisobotni qayta chop etish» bo'ladi va tugmalar ustida «Hisobot chop etildi» belgisi chiqadi.
  4. «Smenani yakunlash» tugmasini bosing. Parol kiritilgach, Enter ham ishlaydi.

Parol xato bo'lsa, «Parol noto'g'ri» deyiladi. Majburiy chop etish yoqilgan bo'lib, hisobot hali chop etilmagan bo'lsa, tugmalar ustida «Avval hisobotni chop eting» ogohlantirishi («Sozlamalar: smena yopilishidan oldin hisobot chop etilishi shart.») chiqadi va «Smenani yakunlash» tugmasi o'chiq turadi; server ham «Avval hisobotni chop eting» deb qaytaradi.

Smena yakunlangach, panel kirish sahifasiga qaytadi. Keyingi kassir o'z telefon raqami va paroli bilan kirib, klubni tanlaydi va yangi smena ochadi.

Smena eslatmasi

Smena 24 soatdan ko'p ochiq tursa, har sahifa tepasida (Dashboard'da ham) to'q sariq soat belgili eslatma kartasi chiqadi: «Smena … soatdan beri ochiq», ostida «Smenani kamida 24 soatda bir marta yopishni unutmang». O'ngda «Smenani yakunlash» tugmasi — u yuqoridagi smenani yakunlash oynasini ochadi.

Smena 6 kun va undan ko'p ochiq bo'lsa, eslatma qizil bo'ladi: «Smenani yoping!» va qaysi muddatgacha yopish kerakligi. 7 kunda panel yopib bo'lmaydigan «Smenani yoping!» oynasini ko'rsatadi — ishni davom ettirish uchun smenani yakunlash kerak.

Eslatma faqat smena haqiqatan 24 soatdan oshganda chiqadi. Uzoq ochiq smena hisobotni buzadi: ikki kunlik tushum bitta smenaga qo'shilib ketadi.