Bo'limlar

TuranGamer ilovasi

TuranGamer — o'yinchining telefonidagi ilova. Unda o'yinchi balansini, bonuslarini va klub yangiliklarini ko'radi, PC bron qiladi, depozitini to'ldiradi, klubdagi kompyuterga QR orqali kiradi va seansni telefondan tugatadi. Bu bo'lim ilovani o'yinchiga tushuntirishingiz va unga ta'sir qiladigan sozlamalarni to'g'ri qo'yishingiz uchun kerak.

Ilova qanday ochiladi

TuranGamer — veb-ilova. Uni do'kondan yuklab olish shart emas: telefon brauzerida ochiladi.

  1. O'yinchi brauzerda ilova manzilini ochadi. Klub PC'sining qulf ekranidagi QR ham shu manzilga olib boradi.
  2. Brauzer menyusida «Bosh ekranga qo'shish» bosiladi. Shundan keyin ilova telefonda oddiy ilova kabi ochiladi.

Ochilganda TuranGamer belgisi (T) bilan yuklanish oynasi chiqadi, birinchi ma'lumot kelgach u yopiladi.

Ilova manzili qayerdan olinadi:

  • Klub o'z serverida ishlasa — «Sozlamalar» → «Mobil ilova» bo'limidagi ilova manzili. PC'dagi kirish QR'i shu manzilga olib boradi.
  • Klub bulutda ishlasa — manzil platformaniki, panelda bu maydon yo'q.

Android ilovasi ham tayyorlanmoqda; u shu veb-ilova bilan bir xil qoidalarda ishlaydi [tekshirish kerak: do'konga chiqqanmi].

Hisob va kirish

Ilovada o'zi ro'yxatdan o'tib bo'lmaydi. Hisob klubda ochiladi: kassir panelda mijoz qo'shadi yoki o'yinchi klubdagi PC'da ro'yxatdan o'tadi. Parolni o'yinchi PC'da o'zi yaratadi yoki kassir mijoz kartasida beradi. Batafsil: Mijozlar: hisob, balans va bonus va O'yinchi kompyuteri (shell).

Kirish

  1. O'yinchi telefon raqamini (masalan, +998 90 123 45 67) yoki nikini yozadi va «Davom etish» bosadi.
  2. Parolini kiritadi (ko'z belgisi parolni ko'rsatadi) va «Kirish» bosadi.

Klubni tanlash shart emas: tizim shu raqam va parolga mos keladigan barcha klub hisoblarini o'zi topadi. Oxirgi marta o'ynagan klub faol bo'ladi.

Kirish ishlamasa, o'yinchiga quyidagilarni ayting:

  • Raqam bilan kiring. Bir xil nik ikki o'yinchida bo'lsa, nik bilan kirib bo'lmaydi. Telefon raqami doim ishlaydi. Ilova buni «nik bilan kirib bo'lmasa, telefon raqamini kiriting» deb aytadi.
  • Parolni tekshiring. Turli klublarda parol har xil bo'lishi mumkin.
  • Parol hali yo'qmi? Uni klubdagi kompyuterda yaratish yoki kassirdan so'rash kerak.
  • Xato matni hamma holatda bir xil. Ilova «bunday raqam yo'q», «Parol noto'g'ri» yoki «Parol o'rnatilmagan» deb ajratib aytmaydi. Bu himoya uchun shunday qilingan.
  • Ko'p noto'g'ri urinish — raqamga vaqtinchalik cheklov (bir soatgacha) qo'yiladi. Klubdagi PC'ga kirish bunga bog'liq emas.

Kirgandan keyin o'yinchi 30 kun qayta parol termaydi. Ilova bir haftadan ko'p ochilmagan bo'lsa ham, kirish jim yangilanadi. Parol almashtirilsa, telefon qayta kirishni so'raydi.

Bir nechta klub va hisob

O'yinchi bir nechta klubning (yoki bir nechta klub tarmog'ining) mijozi bo'lsa:

  • Bosh sahifada faol klub kartasi ostida «Boshqa klublaringiz» ko'rinadi. Bosilgan klub faol bo'ladi — balans, bron, profil shu klub bo'yicha.
  • Boshqa raqam yoki boshqa parol bilan yana kirish uchun «Hisob qo'shish» tugmasi bor. Topilgan hisoblar ro'yxatga qo'shiladi.
  • Chiqish barcha hisoblardan birdaniga chiqaradi.

Parolni unutdim

Klubda Telegram bot ulangan bo'lsa, o'yinchi parolni o'zi tiklaydi:

  1. Parol oynasida «Parolni unutdingizmi?» bosiladi.
  2. Telefon raqami kiritiladi (nik bu yerda ishlamaydi) va «Kod yuborish» bosiladi.
  3. Telegram'dan kelgan 6 xonali kod kiritiladi. «Qayta yuborish» 60 soniyadan keyin ishlaydi. Kod 5 daqiqa amal qiladi, 5 marta noto'g'ri kiritilsa — yangi kod kerak.
  4. Raqamga bog'langan klub hisoblari ro'yxati chiqadi. Kerakli hisoblar belgilanadi (bloklangan hisob tanlanmaydi).
  5. Yangi parol (kamida 4 belgi, 64 tagacha) ikki marta kiritilib saqlanadi. Shundan keyin o'yinchi ilovaga kiradi. Yangi parol klubdagi PC'da ham ishlaydi.

Javob raqam ro'yxatda bor-yo'qligini aytmaydi: ro'yxatda yo'q raqamga ham oyna bir xil ko'rinadi, faqat kod kelmaydi.

Bot ulanmagan bo'lsa, ilova parolni klubdagi kompyuterda yoki administrator orqali tiklashni maslahat beradi.

Kassir parolni o'chirgan bo'lsa (PC menyusi → «Parol yaratish» → «Mijoz o'zi yaratsin»): o'yinchi ilovaga kirib turgan bo'lsa, ilova buni o'zi aytadi va shu oynani raqam yozilgan holda ochadi: «Parol klubda o'chirildi — raqamni kod bilan tasdiqla va yangisini yarat». Ilovada boshqa klub hisoblari ham bo'lsa, «Parolni unutdingizmi?» orqali kirish kerakligini aytadi. Ilovada parol faqat kod bilan yaratiladi: raqamni bilgan begona odam ilovadan parol qo'ya olmaydi. Kod kelmasa (bot ulanmagan yoki hisob yuqoridagi eslatmaga tushsa), parol klubdagi PC'da yaratiladi. Kassir yangi parol bergan bo'lsa («Shu parolni berish»), ilova «parol almashtirildi — yangi parol bilan kir» deydi.

Har kirishda Telegram kodi

O'yinchi hisobini qo'shimcha himoyalashi mumkin: profil → sozlamalar → «Har kirishda Telegram kodi». Buning uchun uning raqami Telegram botga ulangan bo'lishi kerak (ulanmagan bo'lsa ilova avval ulashni so'raydi). Yoqish va o'chirish kod bilan tasdiqlanadi.

Bu yoqilgandan keyin:

  • har kirishda paroldan keyin Telegram kodi so'raladi;
  • boshqa telefonlardagi eski kirishlar bekor bo'ladi — ularda qayta kirish kerak;
  • QR orqali PC'ga kirishda kod so'ralmaydi (ilova allaqachon tasdiqlangan);
  • klubdagi PC'da parol bilan kirganda ham kod so'raladi.

Kod PC'ga kelmasa, kassir panelda PC kartochkasida «Kirishni tasdiqlash» bosadi (huquq «Mijoz kirishini Telegram kodisiz tasdiqlash», sukut bo'yicha kassirda ham bor). Telegram ham, SIM-karta ham yo'qolsa, ega yoki menejer mijoz kartasida «2FA'ni o'chirish» qiladi. Bunday hisobga parolni faqat ega yoki menejer qo'yadi. Batafsil: Mijozlar: hisob, balans va bonus va Xodimlar va huquqlar.

Bosh sahifa

Bosh sahifaning tepasida klublar xaritasi tugmasi, TuranGamer logotipi va profil tugmasi turadi. Logotip ostida to'rtta savol-javob plitkasi bor: sodiqlik, depozit, chegirmalar va yutuqlar.

Keyin ikki varaq keladi: «Mening klublarim» va «Barcha klublar». Chapdagi lupa bilan klub qidiriladi.

«Mening klublarim» varag'ida:

  • ochiq seans kartasi (o'yinchi hozir PC'da o'tirgan bo'lsa — pastda «Seans kartasi»);
  • faol klub kartasi: nomi, manzili, oxirgi tashrif, depozit va bonus, «yana N — bronlarda» (oldindan to'lov ushlangan bo'lsa), «Klubni ochish» va «Bron qilish» tugmalari;
  • yaqin bronlar (eng yaqin ikkitasi, «Hammasi» bilan to'liq ro'yxat);
  • boshqa klublari va «Hisob qo'shish».

«Barcha klublar» varag'ida:

  • har klubning muqovasi, nomi va manzili, hozirgi klubda «Joriy klub» belgisi;
  • «Bron qilish» (onlayn bron yoqilgan klubda) yoki «Klubni ochish» tugmasi va depozitni to'ldirish tugmasi (hamyon belgisi);
  • tepada oxirgi 30 kunda qo'shilgan klublar lentasi, kartada «Yangi» belgisi;
  • «Eng yaqinlarini ko'rsatish» tugmasi. O'yinchi joylashuvga ruxsat bersa, klublar yaqinidan uzog'iga tartiblanadi va har birida masofa yoziladi («850 m», «1,2 km»).

O'ng pastda QR tugmasi turadi — PC'ga kirish uchun (pastda).

Klub sahifasi

Tepada klub muqovasi, logotipi, manzili, «Ochiq … gacha / Yopiq» holati va bo'sh joylar soni («Bo'sh N / M») turadi. Bo'sh joylar faqat sozlamada bandlik yoqilgan bo'lsa ko'rinadi; o'chiq PC ham bo'sh sanaladi, band — seans, ta'mir yoki hozir boshlangan bron.

Sahifadagi varaqlar:

VaraqNima bor
Klub haqidaTavsif, kontaktlar (kichik xarita, Google va Yandex yo'nalishi, telefon, sayt, Telegram, Instagram, WhatsApp, Discord, VK), ish vaqti (bugungi kun ajratilgan, klubdagi hozirgi vaqt), suratlar (to'liq ekranda ochiladi), zallar jihozi (protsessor, videokarta, xotira, monitor, klaviatura, sichqoncha, quloqchin, kreslo), qo'shimcha jihoz (VR, simulyator, pristavka), xizmatlar, aksiya rasmlari
VitrinaKlub tovarlari, kategoriyalar va narxlari. Buyurtma ilovadan emas, PC'dan beriladi
YangiliklarKlub yangiliklari, bosilsa to'liq matn
ReytingOxirgi 30 kundagi o'yin soatlari bo'yicha o'rinlar: 1–3-o'rin shohsupada, o'yinchining o'z o'rni va keyingi o'ringa qancha qolgani. Faqat reyting yoqilgan bo'lsa ko'rinadi
TarixTashriflar (sana, PC, davomiylik, narx) va to'ldirishlar, oylar bo'yicha

Sahifa pastida o'yinchi balansi (depozit va bonus) va «Bron qilish» tugmasi turadi. Tepadagi ulashish tugmasi klub havolasini do'stga yuboradi.

Klub ma'lumotlarini egasi o'z kabinetida — klub kartasini bosib, «Klub profili» → «Tahrirlash» sahifasida — to'ldiradi: nom, telefon, sayt va tarmoqlar, shahar va manzil, xaritadan nuqta, «qanday topish mumkin», tavsif, ish vaqti (kunlar bo'yicha yoki kecha-kunduz), zallar jihozi (protsessor, videokarta, xotira va ekran PC'lardan o'zi olinadi, qolgani qo'lda), xizmatlar, suratlar (muqova, interyer — 8 tagacha, aksiya — 5 tagacha). Klub belgisi bosilsa logotip yuklanadi (kvadrat, kamida 64×64). Zal jihozidagi texnik ma'lumot PC'lardan kelishi uchun ularga shell o'rnatilgan bo'lishi kerak. Kabinet haqida: Boshlash.

Bron

Ilovadan bron faqat «Sozlamalar» → «Bronlash» da onlayn bron yoqilgan va klubda bron qilinadigan PC bo'lsa ishlaydi. Bron uch qadamdan iborat.

  1. Sana va joy.
  2. Sana va vaqt pastdan ochiladigan oynada tanlanadi: tepada kunlar, ostida soat va daqiqa g'ildiraklari. Bugun uchun eng erta vaqt — klubdagi hozirgi vaqtdan 5 daqiqa keyin. Oynada tanlangan vaqtda nechta PC bo'shligi ko'rinadi.
  3. Ilova kun tanlovida ko'pi bilan 14 kunni ko'rsatadi (sozlamadagi «necha kun oldin» undan kam bo'lsa — shuncha).
  4. Klub ish vaqtidan tashqari vaqt tanlansa, «klub bu vaqtda yopiq» ogohlantirishi chiqadi.
  5. PC zal xaritasidan tanlanadi — panelda chizilgan xarita (devorlar, eshiklar, yozuvlar, belgilar bilan). Xarita chizilmagan bo'lsa, PC'lar zallar bo'yicha to'r ko'rinishida chiqadi. Bo'sh, band, ta'mirdagi va tanlangan joylar har xil rangda.
  6. Sozlamada bir nechta PC ruxsat etilgan bo'lsa, bir bronda bir nechta PC tanlanadi, lekin faqat bitta zal ichida (narx zal tarifi bo'yicha).
  7. Tarif. Klubning haqiqiy tariflari chiqadi: panelda «Onlayn bron uchun ochiq» belgilangan va bron vaqtida sotiladiganlari (abonementdan tashqari; Tariflar). Oddiy tarifda soni («× 2»), daqiqabay tarifda soat soni tanlanadi; paket tarif «… gacha» ko'rinadi. Ilova chegirmasi bo'lsa narx u bilan ko'rsatiladi (faqat «Klub chegirmasi yoki promokod qo'llansin» yoqilgan tariflarda), chegirma tushgan tarif kartasining tepa chetida esa «−10%» kabi belgi turadi.
  8. Tasdiqlash. Jamlama: joylar, tarif (chegirma belgisi bilan), davomiylik, boshlanish va tugash vaqti, narx, oldindan to'lov va depozit. Pastda bitta blokda, har biri o'z belgisi bilan: oldindan to'lov qachon qaytadi, «kelmasa bron yopiladi» muddati va bekor qilish qoidasi.

Panelda ilovadan kelgan bron telefon belgisi bilan ko'rinadi, izohida «TuranGamer · 3 soat × 2» kabi yozuv, kassaga «Ilovadan yangi bron» xabari va ovoz keladi.

Muhim qoidalar:

  • Oldindan to'lov. Klub uni yoqqan bo'lsa (foiz > 0), bron qilinganda narxning shu ulushi depozitdan bronga o'tadi (butun so'mgacha pastga). Depozit yetmasa, «Pul yetmaydi» oynasi «To'ldirish» / «Bekor qilish» bilan chiqadi va bron yaratilmaydi. Daqiqabay seansda o'tirgan o'yinchida bo'lakda ushlangan pul ham hisobga olinadi.
  • Pul nima bo'ladi. O'yinchi keldi va o'tirdi (30 daqiqa erta ham) — oldindan to'lov depozitga qaytadi va seansni to'laydi. Vaqtida bekor qildi — to'liq qaytadi. Kech bekor qildi — qaytadi, keyin jarima depozitdan olinadi (bori qadar, minusga emas). Kelmadi — pul klubda qoladi.
  • Bronlar soni. Bitta o'yinchida ko'pi bilan 3 ta tugamagan bron bo'ladi.
  • Asosiy to'lov klubda, seans boshlanganda olinadi.
  • Kelmasa. Bron boshidan belgilangan daqiqa ichida o'yinchi kelmasa, bron «Kelmadi» bo'ladi, PC bo'shaydi, oldindan to'lov darhol klubga o'tadi; kassaga xabar keladi. Keyin kelsa — oddiy mijoz kabi o'tiradi, chegirmasiz.
  • Bekor qilish. Ruxsat berilgan bo'lsa, o'yinchi bronni «Mening bronlarim» da o'zi bekor qiladi. Bron qilgandan keyingi belgilangan daqiqa ichida bekor qilish doim bepul — bron boshlangan bo'lsa ham, o'yinchi PC'ga o'tirmaguncha («hozirga» qilingan bron ham shunday). Bu daqiqalar o'tib, bron boshlangan bo'lsa — ilovadan bekor qilib bo'lmaydi. Keyin klub qoidasi ishlaydi: boshlanishiga N soat qolguncha bepul, kech bo'lsa bron narxidan jarima. Bekor qilish oynasida nima qaytishi va jarima oldindan yoziladi.
  • Ilova chegirmasi. Klub belgilagan bo'lsa, o'yinchi o'z broniga o'tirganda (yoki 30 daqiqa erta kelganda) seans narxidan chegirma oladi. Chegirma faqat «Klub chegirmasi yoki promokod qo'llansin» yoqilgan tariflarga tushadi, «1 soat» × 2 kabi bronda — har biriga; ilova narxni ham shunday ko'rsatadi.
  • Daqiqabay PC. Daqiqabay tarifda o'tirgan mijoz qancha o'tirishi noma'lum — bunday PC ilovada belgilangan soatcha oldinga band ko'rinadi.
  • Pauzadagi PC. Seans pauzada bo'lsa, PC eng kech davom etish vaqtigacha band ko'rinadi.

Bronning qolgan qoidalari (kassadan bron, kirishni yopish, seansni bron oldidan tugatish, SMS eslatma): Bron.

Ilovaga ta'sir qiladigan sozlamalar

Hamma bron sozlamalari «Sozlamalar» → «Bronlash» da. To'liq ro'yxat: Sozlamalar (1).

SozlamaNima qiladiSukutChegara
Onlayn bronIlovadan bron qilish mumkinmi. O'chiq bo'lsa tugma yo'qYoqiq—
Ilova chegirmasi, %O'z broniga o'tirgan o'yinchiga seans narxidan chegirma00–100
Eng kam bron, soatBronning eng qisqa davomiyligi11–24
Eng ko'p bron, soatBronning eng uzoq davomiyligi (kassadagi bronga ham)241–168
Necha kun oldinQancha kun oldinga bron qilish mumkin (ilova ko'pi bilan 14 kun ko'rsatadi)301–365
Seansdan keyin kutish, daqiqaSeans tugagach shuncha vaqt yangi bron qilib bo'lmaydi00–1440
O'zi bekor qilishO'yinchi bronni ilovada o'zi bekor qila oladimiYoqiq—
Bepul bekor qilish, soatBoshlanishiga shuncha soat qolguncha bekor qilish bepul (0 — doim bepul)00–72
Kech bekor qilish jarimasi, %Kech bekor qilinsa bron narxidan olinadigan ulush00–100
Bron qilgandan keyin bepul bekor qilish, daqiqaShu vaqt ichida bekor qilish doim bepul (0 — o'chiq)50–120
Oldindan to'lov, %Bron qilinganda depozitdan bronga o'tadigan ulush (0 — o'chiq)00–100
Bron oldidan kirishni yopish, daqiqaBron boshidan shuncha oldin PC'ga begona mijoz kira olmaydi (0 — faqat bron vaqtida)150–240
Bron egasini kutish, daqiqaShuncha daqiqada kelmasa bron «Kelmadi» bo'ladi151–240
Bron oldidan seansni tugatish, daqiqaBron boshidan shuncha oldin PC'dagi seans tugaydi00–120
Daqiqabay seansdagi PC bandDaqiqabay seansdagi PC ilovada band ko'rinadiYoqiq—
Daqiqabay PC necha soat bandBunday PC ilovada shuncha soat oldinga band121–72
Bir nechta PCBir bronda bir nechta PC (bitta zal ichida)O'chiq—
BandlikIlovada «Bo'sh N / M» ko'rinadiYoqiq—
Bron oldidan PC'ni yoqishO'chiq PC bron boshidan shuncha daqiqa oldin Wake-on-LAN bilan yoqiladiO'chiq, 10 daqiqa1–120
SMS eslatmaBron boshidan shuncha daqiqa oldin SMS (SMS xizmati ulangan bo'lsa)O'chiq, 30 daqiqa5–180

Boshqa bo'limlardagi sozlamalar:

  • «Sozlamalar» → «Mobil ilova»: ilova manzili (faqat o'z serverda) va faollik reytingi (sukut — yoqiq). Reyting o'chiq bo'lsa klub sahifasida va profilda «Reyting» bo'lmaydi.
  • «Sozlamalar» → «Shell»: o'yinchi tanlagan rang seans davomida PC'da ham ko'rinadimi (sukut — yoqiq).

Balansni to'ldirish

  1. Klub kartasidagi hamyon tugmasi yoki bron oynasidagi «To'ldirish» bosiladi.
  2. Depozit, summa maydoni va tez summalar bitta kartada turadi. Summa yoziladi yoki tez summalardan biri tanlanadi. Tez summalarni klub belgilaydi («Sozlamalar» → «Mobil ilova» → «Tez summalar — telefon», uchtagacha), sukut — 10 000, 20 000, 30 000. PC'dagi (shell) summalar alohida sozlanadi: «Sozlamalar» → «Shell» → «Tez summalar — kompyuter», to'rttagacha. Summa klub chegarasidan tashqarida bo'lsa, «To'ldirish» bosilganda summa maydoni qizil bo'ladi va pastda chegara haqida bildirishnoma chiqadi.
  3. Klubda ikkala tizim ulangan bo'lsa, Payme yoki Click tanlanadi. «To'ldirish» bosilgach to'lov tizimi sahifasi ochiladi va u yerda to'lanadi.
  4. O'yinchi ilovaga qaytganda natija haqida xabar chiqadi va balans yangilanadi. Qaytguncha boshqa klubga o'tilsa ham xabar yo'qolmaydi.

Klubda onlayn to'lov ulanmagan bo'lsa, summa maydoni o'chiq turadi, ilova esa depozitni kassada to'ldirishni maslahat beradi. Payme va Click «Sozlamalar» → «Integratsiyalar» da ulanadi: Sozlamalar (2).

Promokod onlayn to'lov ulanmagan bo'lsa ham ishlaydi. U to'ldirish oynasida kiritiladi va depozitga yoki bonusga pul qo'shadi; topilmagan, ishlatilgan, muddati o'tgan yoki boshqa klubniki bo'lsa ilova aniq aytadi. To'ldirishga keshbek ham oddiy kassadagidek hisoblanadi. Batafsil: Sodiqlik tizimi.

Fiskal kassa ulangan klubda onlayn to'ldirishga ham avans cheki beriladi — uning QR'i 2 soat ichida PC'da ko'rinadi.

Seans kartasi va PC'dan chiqish

O'yinchi klubdagi PC'da o'tirgan bo'lsa, bosh sahifada («Mening klublarim») va klub sahifasida seans kartasi chiqadi. Kartada:

  • PC nomi, zal va tarif;
  • o'tgan vaqt;
  • sarflangan pul (keyin to'lanadigan seansda — «To'lanadigan summa»);
  • qolgan vaqt — faqat sotib olingan vaqt (shell tepa panelidagi kabi); daqiqabayda esa balans.

Seans pauzada bo'lsa, kartada «Pauzada» yoziladi, taymer va pul to'xtaydi.

O'yinchi PC'dan telefon orqali chiqishi mumkin:

  1. «PC'dan chiqish» bosiladi.
  2. Ochilgan oynada «Seans yakunlanadi, kompyuter bo'shaydi» va pulning nima bo'lishi yoziladi — PC'dagi chiqish oynasidagi jumla bilan bir xil: qolgan pul hisobga qaytadi (daqiqabay), qolgan vaqt saqlanadi («Qoldiq saqlansin» tarifi, abonement) yoki qaytarilmaydi (qat'iy tarif).
  3. O'yinchi tasdiqlaydi. PC qulf ekraniga qaytadi, telefonda natija chiqadi: qancha qaytdi, qancha vaqt saqlandi yoki qancha qarz yozildi.

Pul natijasi PC'dagi chiqish bilan aynan bir xil. Qarz limiti bor mijozning «keyin to'lash» seansi yopilib, qarz balansga o'tadi. Pul ikki marta qaytmaydi: PC'da chiqib bo'lgach telefondan bosilsa «Seans allaqachon yakunlangan». Loglarda bu holat «mijoz seansni TuranGamer ilovasidan tugatdi» deb yoziladi.

Quyidagi hollarda tugma o'rniga sabab yoziladi:

  • Keyin to'lanadigan seans (qarz limitisiz) — yakunlash uchun kassirga murojaat qilish kerak.
  • PC hozir aloqada emas — PC'da «Chiqish» ni bosish yoki kassirga murojaat qilish kerak. Kabel suğurilgan PC'ni telefondan yopib bo'lmaydi: pul va hisob o'zgarmaydi.
  • PC'ga bog'lanmagan seans — kassir yopadi.

Mehmon seansi ilovada ko'rinmaydi. Batafsil: Seans.

QR bilan PC'ga kirish

O'yinchi parol termasdan, telefon orqali PC'ga kiradi:

  1. Qulf ekranidagi mehmon kartasida QR kod turadi.
  2. O'yinchi QR'ni telefonning oddiy kamerasi bilan o'qiydi — brauzerda ilova ochiladi. Yoki ilovaning bosh sahifasidagi QR tugmasini bosib, ekranni suratga oladi — ilova suratdagi QR'ni o'zi o'qiydi.
  3. Ilovada «Kompyuterga kirish: PC012» oynasi ochiladi. O'yinchi «PC012 ga kirish» bosadi.
  4. PC parolsiz ochiladi va ekranda tariflar chiqadi — parol bilan kirgandagi kabi: mehmon seansiga bog'lanish, abonementning faollashishi, daqiqabayning avtomatik boshlanishi ham shunday ishlaydi.

O'yinchi hali ilovaga kirmagan bo'lsa, avval kiradi; QR kodi 3 daqiqa saqlanib turadi va kirgandan keyin davom etadi. O'yinchi bir nechta klubda bo'lsa, kirish QR'dagi klubning hisobidan bo'ladi.

QR kodi 3 daqiqa amal qiladi va bir marta ishlaydi. Ekran uni o'zi yangilab turadi; eskirgan kodda «Qayta urinish» bilan yangisi o'qiladi.

Kirish rad etilishi mumkin. Sabablar (ilova o'z tilida aytadi):

  • PC'da boshqa mijozning seansi ochiq;
  • PC bron qilingan («Bu PC 14:00 da bron qilingan») yoki bron hozir ketyapti;
  • PC'da mehmonning «keyin to'lash» seansi ochiq — u kassada yopilgach kirish mumkin;
  • komendant soati (yoshi yetmagan mijozga belgilangan soatlarda);
  • hisob bloklangan;
  • seans pauzada — administrator davom ettiradi;
  • o'yinchi boshqa PC'da o'tiribdi (bitta hisob — bitta PC);
  • PC hozir aloqada emas.

O'yinchining QR'dagi klubda hisobi bo'lmasa, ilova «Bu klubda hisobingiz yo'q — kassaga murojaat qiling» deydi.

QR klubning urg'u rangida chiziladi; juda och ranglarda kod o'qilishi uchun tizim rangni o'zi to'qlashtiradi. Qulf ekrani haqida: O'yinchi kompyuteri (shell).

Profil va sozlamalar

Profil sahifasida:

  • avatar, nik va telefon;
  • «Asosiy klub» kartasi «Bron qilish» (yoki «Klubni ochish») tugmasi bilan;
  • «Yutuqlar» plitkasi: nechtasi bajarilgani va eng yaqin maqsad yo'l chizig'i bilan (yutuqlar — Sodiqlik tizimi);
  • «Reyting» plitkasi: o'yinchining o'rni va soatlari (reyting o'chiq bo'lsa shunday yoziladi);
  • savol-javob;
  • «Telegram'ni ulash» — klubda bot bo'lsa. Havola bir martalik va shu o'yinchining raqamiga bog'langan. Ulangach tasdiqlash kodlari va klub xabarlari SMS o'rniga Telegram'ga keladi; ulangan bo'lsa qatorda belgi turadi.

Sozlamalar (profil tepasidagi tishli g'ildirak):

  • telefon raqami;
  • «Har kirishda Telegram kodi» (yuqorida qarang);
  • til: rus, o'zbek yoki ingliz;
  • interfeys rangi: klub rangi yoki beshta rangdan biri — ko'k, yashil, to'q sariq, qizil, binafsha. Ilova darhol shu rangga o'tadi. Klub ruxsat bergan bo'lsa («Sozlamalar» → «Shell», sukut — yoqiq), tanlangan rang o'yinchining seansi davomida PC'da ham ko'rinadi; seans tugagach PC klub rangiga qaytadi. Buning uchun PC'lardagi shell yangi bo'lishi kerak — kerak bo'lsa «Barcha PC'larni yangilash»;
  • savol-javob va ilova versiyasi;
  • «Chiqish» — barcha hisoblardan.

O'yinchiga qisqa eslatma

  • Hisob va parol klubda yaratiladi: kassada yoki klubdagi kompyuterda.
  • Ilovaga telefon raqami va parol bilan kiriladi, klub tanlanmaydi.
  • Parolni unutsa — «Parolni unutdingizmi?» va Telegram kodi (bot ulangan bo'lsa).
  • PC'ga tez kirish — qulf ekranidagi QR'ni telefon kamerasi bilan o'qish.
  • Bron — klub sahifasida «Bron qilish»; pul yetmasa — «To'ldirish».
  • Chiqish — PC'da yoki ilovada «PC'dan chiqish»; pul natijasi bir xil.

Ko'p beriladigan savollar: Ko'p beriladigan savollar va muammolar.