Bo'limlar

Xodimlar va huquqlar

Bu bo'limda klubga xodim qo'shish, unga rol berish va har bir rol nimalarni qila olishini sozlash tushuntiriladi. To'g'ri sozlangan huquqlar kassirni ortiqcha amallardan, klubni esa xatolardan saqlaydi.

«Xodimlar» sahifasi

Chap menyuda «Xodimlar» bo'limini oching. Sahifa tepasida ikkita tugma bor: «Xodimlar» va «Rollar». Har birining yonida soni ko'rinadi. Yonida qidiruv maydoni turadi: unga ism, telefon yoki login yozsangiz, jadvalda faqat mos xodimlar qoladi. O'ngda «Xodim qo'shish» tugmasi joylashgan.

Jadval ustida «Hozir smenada» qatori turadi. Unda shu klubda smena ochgan xodim, smena qachon ochilgani, qancha davom etayotgani va smena boshida kassadagi pul ko'rinadi. «Smena hisoboti» tugmasi joriy smena hisobotini chop etish oynasida ochadi — kassa oynasidagi hisobotning o'zi. Smena ochilmagan bo'lsa, «Hozir smena yopiq» yozuvi chiqadi.

Xodimlar jadvalida quyidagi ustunlar bor:

UstunNima ko'rsatadi
«Xodim»Rangli doirada bosh harfi, ism-familiyasi va telefon raqami
«Rol»Rol belgisi: «Egasi» — sariq, «Menejer» — binafsha, «Kassir» — ko'k
«Holat»Rangli nuqta: «Ishlaydi» (yashil), «Smenada 09:00 dan» (ko'k — shu klubda ochiq smena uniki), «Bloklangan» (qizil)
«Oxirgi kirish»Xodim panelga oxirgi marta qachon kirgani: «Bugun, 14:04», «Kecha, 23:18» yoki sana. Panelga hali kirmagan bo'lsa — «hech qachon»
«Login»Panelga kirish logini
«Qo'shilgan»Xodim qachon qo'shilgani

Ustun nomini bossangiz, jadval shu ustun bo'yicha saralanadi. Yana bossangiz tartib teskari bo'ladi. Uchinchi bosishda saralash o'chadi.

Xodim qatorini yoki uning oxiridagi qalamchani bossangiz, xodim sahifasi ochiladi. Qator oxiridagi «…» tugmasi menyuni ochadi: «Tahrirlash», «Bloklash» (bloklangan xodimda — «Blokdan chiqarish») va «Ishdan bo'shatish». Bloklangan xodim qatori xira ko'rinadi.

Jadval ostida xodimlar soni, smenadagilar va bloklanganlar soni yozilgan. «Kim nima qila oladi — «Rollar» bo'limida» havolasi «Rollar» ro'yxatiga o'tkazadi.

Sahifa pastida «Rollar» kartalari turadi: har bir rolning nechta huquqi yoqilgani va unda nechta xodim borligi. Kartani bossangiz, shu rol huquqlari oynasi ochiladi. «Egasi» kartasi bosilmaydi — uning huquqlarini o'zgartirib bo'lmaydi.

Hali birorta xodim bo'lmasa, jadval o'rnida «Hali xodim qo'shilmagan.» yozuvi turadi.

Xodim qo'shish

  1. «Xodimlar» sahifasida «Xodim qo'shish» tugmasini bosing. «Xodim qo'shish» sahifasi ochiladi.
  2. «Telefon» maydoniga raqamni yozing, masalan +998 90 123 45 67. Maydonga bosilganda klub mamlakati kodi (masalan +998) o'zi yoziladi, faqat raqam qabul qilinadi. Raqamda kamida 9 ta raqam bo'lishi kerak.
  3. «Rol» ro'yxatidan rolni tanlang. Rolsiz xodim yaratib bo'lmaydi — server «kamida bitta rol tanlang» deb rad etadi.
  4. «Familiya» va «Ism» maydonlarini to'ldiring.
  5. «Login» maydonini tekshiring. Telefon yozilganda u o'zi to'ladi — telefon raqamining raqamlari login bo'ladi (sahifadagi izoh: «Telefon raqami kirish uchun login bo'ladi»). Xohlasangiz o'zgartirishingiz mumkin; qo'lda o'zgartirgach, telefonni tahrirlasangiz login endi o'zi almashmaydi.
  6. «Parol (kamida 8 belgi)» maydoniga parol yozing.
  7. «Xodim qilish» tugmasini bosing.

«Xodim qilish» tugmasi faqat telefon (kamida 9 raqam), login, rol va parol (kamida 8 belgi) to'g'ri kiritilgandagina bosiladi.

Xodimga login va parolni ayting — u panelga shu login va parol bilan kiradi. Parolni xodim keyin o'zi almashtira oladi.

Xodim o'yinchi sifatida

Egasi, menejer yoki kassir o'z raqami bilan PC'da o'yinchi ham bo'la oladi. Buning uchun shell'da shu raqam bilan oddiy mijozdek ro'yxatdan o'tadi (yoki kassir uni «Mijozlar» sahifasida qo'shadi). Bu alohida mijoz hisobi: o'z paroli, balansi va seanslar tarixi bor, mijozlar ro'yxatida ko'rinadi, TuranGamer'ga ham shu raqam va parol bilan kiradi.

Ikki hisob bir-biriga tegmaydi: panel paroli PC'da ishlamaydi, o'yinchi paroli esa panelga kirmaydi. Xodimni o'chirsangiz mijoz hisobi qoladi, mijoz hisobini o'chirsangiz xodim qoladi.

Xodimni tahrirlash

  1. Jadvalda xodim qatorini bosing. «Xodimni tahrirlash» sahifasi ochiladi.
  2. Kerakli maydonlarni o'zgartiring: «Telefon», «Rol», «Familiya», «Ism», «Login».
  3. Parolni almashtirish kerak bo'lsa, «Yangi parol (bo'sh — o'zgarmaydi)» maydoniga yangi parol yozing (kamida 8 belgi). Maydonni bo'sh qoldirsangiz, parol o'zgarmaydi.
  4. «Saqlash» tugmasini bosing.
  5. Ro'yxatga qaytish uchun «Orqaga» tugmasini bosing.

Sahifaning o'ng tomonida «Xodim kartasi» turadi:

  • Profil — ism, telefon, rol belgisi va holat («Ishlaydi», «Smenada 09:00 dan» yoki «Bloklangan»), «Oxirgi kirish» (xodim panelga oxirgi marta qachon kirgani; hali kirmagan bo'lsa — «hech qachon»), «Login», «Qo'shilgan» sanasi va «Bloklash» tugmachasi.
  • Rol huquqlari — tanlangan rolning huquqlari bo'limlar bo'yicha: masalan «Kassa va smena» — 5 tadan 4 tasi yoqilgan. «Rol» maydonini almashtirsangiz, karta darhol yangi rol huquqlarini ko'rsatadi (saqlashdan oldin ham). «Rolni sozlash» havolasi rol huquqlari oynasini ochadi — o'zgarish shu roldagi hamma xodimga tegadi.

Kartaning ostida ikki blok bor:

  • «Smenalar» — xodimning oxirgi 30 kundagi smenalari (oxirgi beshtasi): sana, vaqt, davomiyligi va tushum. Ochiq smenada tugash vaqti o'rnida «hozir» turadi. «Barcha smenalar» havolasi «Analitika» → «Smenalar»ni ochadi. Blokni ko'rish uchun «Hisobotlarni ko'rish» huquqi kerak, bo'lmasa shu haqda yozuv chiqadi.
  • «Oxirgi amallar» — xodimning jurnaldagi oxirgi 6 ta amali, «Loglar»dagi matn bilan: sotuv, depozit to'ldirish, seans, smena ochish va boshqalar. «Jurnal» havolasi «Loglar»ni ochadi. Buning uchun «Hodisalar jurnalini ko'rish» huquqi kerak.

Yangi xodim qo'shishda ham o'ngda karta turadi: unda yozilayotgan ism, telefon, login va tanlangan rol huquqlari ko'rinadi.

Xodimni bloklash

Bloklangan xodim panelga kira olmaydi, lekin u ro'yxatda qoladi va istalgan vaqt qaytarilishi mumkin.

  1. Xodim sahifasini oching.
  2. O'ngdagi kartada «Bloklash» tugmachasini yoqing. O'zgarish darhol saqlanadi — «Saqlash» bosish shart emas.
  3. Blokdan chiqarish uchun shu tugmachani o'chiring.

Ro'yxatdan ham bloklash mumkin: qator oxiridagi «…» tugmasini bosing va «Bloklash» ni tanlang (bloklangan xodimda — «Blokdan chiqarish»).

Jadvalda bloklangan xodimning holati «Bloklangan» bo'ladi, qatori xira ko'rinadi.

Xodimni ishdan bo'shatish (o'chirish)

  1. Xodim sahifasini oching.
  2. «Ishdan bo'shatish» tugmasini bosing (yoki ro'yxatda qator oxiridagi «…» → «Ishdan bo'shatish»).
  3. Tasdiqlash oynasida «… ishdan bo'shatilsinmi? Uning sotuvlari tarixda qoladi.» degan savolga rozilik bering.

Xodim ro'yxatdan chiqadi. Agar u shu payt panelda ishlayotgan bo'lsa, darhol chiqarib yuboriladi. Uning qilgan sotuvlari va amallari tarixda (hisobotlar, «Loglar») saqlanib qoladi.

Agar xodimni vaqtincha to'xtatmoqchi bo'lsangiz, o'chirish o'rniga bloklang.

Rollar

TuranShell'da uchta rol bor: Egasi, Menejer va Kassir.

  • Egasi — barcha huquqlar ochiq. Uni o'zgartirib bo'lmaydi: kartasida «o'zgartirib bo'lmaydi» belgisi turadi, kartani bossangiz hech narsa ochilmaydi.
  • Menejer va Kassir — huquqlarini egasi o'zi tanlaydi.

Panel orqali har bir xodimga bitta rol beriladi.

«Xodimlar» sahifasida «Rollar» tugmasini bossangiz, har bir rol uchun karta ko'rinadi:

  • nechta huquq yoqilgani (masalan «15 / 30 huquq») va to'lish chizig'i;
  • bo'limlar bo'yicha holat: yashil belgi — bo'lim to'liq ochiq, ko'k — qisman (yonida «4/5»), kulrang — bo'lim yopiq («yo'q»);
  • shu roldagi xodimlar va «Huquqlarni sozlash» tugmasi.

Rol huquqlarini o'zgartirish

  1. «Xodimlar» sahifasida «Rollar» tugmasini bosing (yoki ro'yxat ostidagi rol kartasini bosing).
  2. Kerakli rol kartasini yoki «Huquqlarni sozlash» tugmasini bosing. Rol huquqlari oynasi ochiladi.
  3. Huquqlar bo'limlarga guruhlangan: «Kassa va smena», «Mijozlar», «Seanslar» va boshqalar. Bo'lim sarlavhasida nechta huquq yoqilgani turadi. Sarlavhadagi tugmacha bo'limdagi hamma huquqni birdan yoqadi; hammasi yoqilgan bo'lsa — hammasini o'chiradi. Har bir huquqni alohida tugmacha bilan ham yoqish yoki o'chirish mumkin.
  4. Huquqni tez topish uchun tepadagi qidiruvga so'z yozing (masalan «kassa»). «Hammasi», «Yoqilganlar» va «O'chirilganlar» tugmalari ro'yxatni qisqartiradi.
  5. «Saqlash» tugmasini bosing. «Bekor» — o'zgarishsiz yopadi.

Oynaning o'ng tomonidagi kartada (masalan «Kassir nima qila oladi») jami nechta huquq yoqilgani, har bir bo'lim holati («to'liq», «5 tadan 4», «ruxsat yo'q») va shu roldagi xodimlar ko'rinadi. Karta tugmachalar bosilishi bilan, saqlashdan oldin ham yangilanadi.

Pul belgisi turgan huquqlar pul bilan bog'liq: to'lovni qaytarish, qarz limiti, keyin to'lash, svet qarzini bekor qilish va kassadan pul olish/qo'shish. Ularni faqat ishonchli xodimlarga bering.

Saqlanganda rolning huquqlari ro'yxati butunlay yangisi bilan almashadi. O'zgarish shu roldagi barcha xodimlarga tegishli bo'ladi. Paneldagi har bir tugma shu huquqlarga qaraydi: huquq bo'lmasa, xodim tegishli amalni bajara olmaydi (tugma ko'rinmaydi yoki ishlamaydi).

Huquqlar nimani ochadi

Huquqlar oynasida 30 ta huquq 10 ta bo'limga guruhlangan — oynadagi tartibda:

Bo'limHuquqlar va nima ochadi
«Kassa va smena»Smena ochish va yopish; kassaga pul solish va kassadan pul olish (sotuvga bog'liq bo'lmagan pul); to'lov qabul qilish; to'lovlar tarixini ko'rish; to'lovni qaytarish
«Mijozlar»Mijozlarni ko'rish; mijoz yaratish va tahrirlash; mijoz kirishini Telegram kodisiz tasdiqlash; mijozga qarz limiti qo'yish; mijoz telefonini o'zgartirish
«Seanslar»Seans ochish, tugatish va PC'ni almashtirish (ko'chirish) — seansni «Pauza»ga qo'yish va «Pauzadan chiqarish» ham shu huquqqa kiradi; keyin to'lash bilan seans ochish; svet qarzini bekor qilish
«Kompyuterlar»PC'larni ko'rish; PC'ni bloklash, o'chirish, qayta yuklash, ekranni ko'rish va boshqarish; PC qo'shish, tahrirlash va zalga taqsimlash
«Bron»Bronlarni ko'rish; bron yaratish, o'zgartirish, bekor qilish
«Bar va ombor»Tovarlarni ko'rish; tovarlar, qoldiq va omborni boshqarish
«Tariflar»Tariflarni ko'rish; tarif yaratish va o'zgartirish
«Klub akkauntlari»Klubning o'yin akkauntlarini ko'rish va boshqarish
«Hisobotlar va jurnal»Analitika va hisobotlarni ko'rish; «Loglar»ni (hodisalar jurnali) ko'rish
«Ma'muriyat»«Sozlamalar»ni ko'rish va o'zgartirish; xodimlarni boshqarish (qo'shish, tahrirlash, bloklash, ishdan bo'shatish); rollar huquqlarini o'zgartirish

Ayrim huquqlar haqida batafsil:

  • «Mijozga qarz limiti qo'yish» — mijozga qarzga o'ynash chegarasini berish. Egasi va menejerda bo'ladi.
  • Daftarga qarz yozish — mijoz kartasidagi «Qarz yozish» va «Qarzni kamaytirish». Faqat egasi va menejer uchun.
  • Mijoz telefonini almashtirish — «Mijozni tahrirlash» oynasidagi telefon maydoni. Egasi va menejer uchun, «Rollar»da beriladi; kassirda maydon ko'rinmaydi.
  • «Mijoz kirishini Telegram kodisiz tasdiqlash» — mijozga Telegram kodi kelmasa, PC kartasida «Kirishni tasdiqlash» bilan uning kirishini qo'lda tasdiqlash. Sukut bo'yicha kassirda ham bor.
  • «mijozlarni boshqarish» — ko'p marta noto'g'ri paroldan keyin bloklangan mijozning parol oynasida «Blokni ochish». Amal «Loglar»ga yoziladi.
  • «Keyin to'lash» seansi — mehmonga keyin to'lanadigan seans ochish. Alohida huquqdan tashqari «Sozlamalar»da «Keyin to'lash» ruxsati ham yoqilgan bo'lishi kerak.

Ba'zi amallar huquqqa emas, rolga bog'langan: mijozning ikki bosqichli kirishini o'chirish («2FA'ni o'chirish») va shunday hisobga parol qo'yish — faqat egasi yoki menejer. Parol qo'ygan xodim o'sha mijozning kodsiz kirishini 24 soat tasdiqlay olmaydi.

Batafsil — Mijozlar: hisob, balans va bonus.

Vazifalar

Dashboard'da xodimlarga topshiriq (vazifa) berish mumkin: vazifa yaratiladi, bajarilganda belgilanadi yoki o'chiriladi. Batafsil — Dashboard, kassa va smena.

Vazifa bajarilgani yoki qayta ochilgani «Loglar»ga «Vazifa bajarildi / qayta ochildi» ko'rinishida yoziladi.

Xodimlar amallarini kuzatish

Xodimlarning har bir o'zgartiruvchi amali (sotuv, seans, sozlama o'zgarishi, PC ekranini ko'rish va boshqarish va boshqalar) jurnalga yoziladi: kim, qachon, nima qildi. «Loglar»da «Xodimlar» filtrini tanlasangiz, faqat xodimlar (logini yoki roli bor kishilar) qilgan amallar ko'rinadi; mijozning o'zi qilgan amallar «Tizim va mijozlar»da. Batafsil — Loglar (jurnal).