Loglar (jurnal)
«Loglar» bo'limida klubda qilingan har bir o'zgartirish yoziladi: kim, qachon, qaysi kompyuterda va nima qildi. Pul, seans yoki sozlama bo'yicha savol tug'ilsa, javobni shu yerdan topasiz.
Jurnalga nimalar yoziladi
Ma'lumotni o'zgartiradigan har bir amal jurnalga tushadi. Masalan:
- tizimga kirish;
- seans ochish, vaqt qo'shish, avtomatik uzaytirish, pauza va pauzadan chiqarish (kim qilgani yoki muddat tugagani bilan), ko'chirish va tugatish;
- sotuv, qaytarish, depozitni to'ldirish, depozitdan pul qaytarish, depozit o'tkazmasi, abonement sotish;
- «Keyin to'lash» hisob-kitobi — to'lov qanday olingani bilan (masalan, «naqd 15 000 S', karta 5 632 S'»);
- bron yaratish, o'zgartirish va bekor qilish; mijoz kelmagani («Kelmadi»);
- mijoz ma'lumotlari: telefonni almashtirish (eski → yangi raqam, yopiq ko'rinishda), qarz yozish yoki kamaytirish, qo'lda bonus, parol blokini ochish;
- sozlamalar o'zgarishi — sozlama nomi va eski → yangi qiymat bilan;
- PC buyruqlari: qulflash, qayta yuklash, o'chirish, yoqish. Seansli PC o'chib qolganda avtomatik yoqish urinishlari ham yoziladi — sababi va urinish raqami bilan;
- PC ekranini masofadan ko'rish va boshqarish;
- svet o'chgani («Svet o'chdi»), qulf muddati tugab seans yopilgani;
- fiskal chek tiklangani;
- smena ochish/yopish, smena hisobotini chop etish, kassa ordrlari;
- xodimlar, rollar, tariflar, bayram kunlari, tovarlar, xizmatlar, kombo, chegirma, promokod, keshbek, yutuqlar, klub akkauntlari, yangiliklar va ilovalar o'zgarishi;
- vazifalar («Vazifa bajarildi / qayta ochildi»), PC'larni boshqa zalga ko'chirish (masalan, «PC012, PC013 → VIP»), mijozlarni guruhdan chiqarish.
Har bir amal — bitta yozuv, bitta oddiy gap. Matn panel tilida (o'zbek yoki rus) chiqadi. Raqamli kodlar o'rniga nomlar yoziladi: PC, zal, tarif, tovar, xodim, mijoz nomi. Gapda kim qilgani (kassir, mijozning o'zi yoki avtomatik) va necha daqiqa ekani doim bor. Misol:
«PC012 da seans avtomatik uzaytirildi, +15 daq., tarif Standart, 2 500 S', depozitdan»
Jurnalga tushmaydigan narsalar: sahifani shunchaki ochib ko'rish (ekranni masofadan ko'rishdan tashqari), chatdagi «o'qildi» belgisi, ovoz keshi, obuna hisob-kitobi.
Jadval ustunlari
| Ustun | Nima ko'rsatadi |
|---|---|
| «Vaqt» | Aniq vaqt (soniyagacha) |
| «Hodisa» | Hodisa turi: sotuv, seans, bron va hokazo (kategoriya belgisi bilan) |
| «PC» | Amal qaysi PC'da bo'lgani (bo'lsa) |
| «Kim» | Kim qildi |
| «Tafsilotlar» | Nima bo'lgani — to'liq gap |
| «Mijoz» | Amal qaysi mijozga tegishli (bo'lsa) |
Yozuvlar kunlar bo'yicha ajratilgan: har kun boshida ajratgich qatori turadi, masalan «Bugun · 22 oktabr, payshanba», «Kecha · 21 oktabr, chorshanba» yoki «19 oktabr · dushanba». Shuning uchun qatorlarda faqat vaqt yoziladi. Jadval ichida pastga aylantirganda ustun nomlari va joriy kun qatori tepada qolaveradi.
«Kim» ustunida uch xil yozuv bo'ladi:
- xodim — ismining bosh harfi doirada va ismi qalin harf bilan;
- mijozning o'zi — ismi havola ko'rinishida (masalan, PC'da o'zi «Chiqish»ni bosgan yoki parol yaratgan bo'lsa);
- tizim — kulrang yozuv: «Tizim», to'lov tizimi nomi yoki «Taymer» (masalan, seans vaqti tugab o'zi yopilsa yoki qulf muddati tugasa).
Mijoz ismini bossangiz, uning kartasi ochiladi. Bu «Kim» va «Mijoz» ustunlarida ishlaydi.
Tizimning fon yozuvlari
Tizim har kuni o'zi qiladigan amallar xira (kulrang) ko'rinadi: PC'ning boshqa kompyuterga bog'lanishi (obraz PC'ga ko'chishi), seansning depozitdan avtomatik uzaytirilishi, avtomatik buyruq va paket qoldig'ini saqlash. Ular yashirilmaydi, faqat xodimlar amallari ko'zga tashlanib turadi.
Bir xil fon yozuvi ketma-ket 3 ta va undan ko'p bo'lsa, ular bitta qatorga yig'iladi. Masalan, obraz yangilangach: «PC001 obrazi 8 ta PC'ga ko'chdi», «PC» ustunida — oraliq (PC013–PC020).
- Hammasini ko'rish uchun qator oxiridagi «Yana 8» tugmasini bosing — yozuvlar chap chiziq bilan ostida ochiladi.
- Yopish uchun «Yig'ish»ni bosing.
Sozlama o'zgarishi oddiy qator bo'lib chiqadi (alohida rang bilan ajratilmaydi). Ularni topish uchun kategoriyalardan sozlamalarni tanlang.
Davrni tanlash
Sahifa ochilganda oxirgi 30 kun ko'rsatiladi (bugun ham ichida) — «30 kun» tugmasi tanlangan bo'ladi.
Tez tanlash uchun qidiruv maydoni yonida tugmalar bor: «Bugun», «Kecha», «7 kun», «30 kun». Bittasini bosing — jadval darhol yangilanadi.
Boshqa davr kerak bo'lsa:
- Tugmalar yonidagi sana oralig'i yozilgan tugmani bosing (masalan, «23 sen. — 22 okt. 2026»).
- Kalendarda boshlanish va tugash kunini tanlang.
- Jadval darhol yangilanadi va birinchi sahifaga qaytadi.
Tanlangan davr tez tanlash tugmalaridan biriga to'g'ri kelsa, o'sha tugma ham belgilanib turadi.
Kategoriya bo'yicha filtrlash
- «Barcha kategoriyalar» tugmasini bosing.
- Kerakli kategoriya yonidagi belgini qo'ying. Bir nechtasini tanlash mumkin.
- Faqat ayrim hodisa turlari kerak bo'lsa, kategoriya yonidagi o'qchani («Hodisa turlari») bosing va kerakli turlarni belgilang. Kategoriyaning bir qismi tanlangan bo'lsa, belgisi yarim to'ldirilgan ko'rinadi.
- Ro'yxat uzun bo'lsa, «Kategoriyani topish» maydoniga nomini yozing — barcha kategoriyalar ochilib, mos turlar ko'rsatiladi. Hech narsa mos kelmasa — «Topilmadi».
- Filtrni olib tashlash uchun «Tanlovni tozalash»ni bosing.
Tanlangan kategoriyalar tugmaning o'zida ko'rinadi: 1–2 tasi nomi bilan, ko'proq bo'lsa — soni («3 ta kategoriya»).
Kategoriyalar mavzular bo'yicha guruhlangan: kirish, sotuvlar, seanslar, bronlar, mijozlar, xodimlar, smenalar, kompyuterlar, zallar, tovarlar, xizmatlar, sodiqlik, buyurtmalar, kontent, sozlamalar.
Kim qilgani bo'yicha filtrlash
Yuqori qatorning o'ng tomonida uchta tugma bor: «Hammasi», «Xodimlar», «Tizim». Sichqonchani ustiga olib borsangiz to'liq nomi chiqadi:
| Tugma | Nima ko'rsatadi |
|---|---|
| «Hammasi» | Barcha yozuvlar |
| «Xodimlar» («Xodimlar harakatlari») | Faqat xodimlar (logini yoki roli bor) qilgan amallar |
| «Tizim» («Tizim va mijozlar (PC, to'lov tizimi, fon vazifalari)») | Mijozlarning o'zi qilgani va tizim avtomatik qilgani |
Masalan, mijoz PC'da o'zi «Chiqish»ni bossa yoki o'zi parol yaratsa, bu yozuv «Xodimlar»da emas, «Tizim» ichida chiqadi.
Qidiruv
- Yuqori chapdagi «Hodisa, PC yoki mijozni topish» maydoniga so'z yozing: PC nomi, mijoz ismi yoki telefoni, xodim ismi, tarif nomi yoki summa.
- Yozib bo'lgach natija o'zi chiqadi (Enter bossangiz — darhol).
- Qidiruvni tozalash uchun maydon ichidagi «×» belgisini yoki Esc tugmasini bosing.
Qidiruv, davr, kategoriya va «kim qilgani» filtrlari birga ishlaydi.
Sahifalar
Bir sahifada 50 ta yozuv chiqadi. Jadval kartasining pastki qatorida jami soni yoziladi (masalan, «18 642 ta hodisa»), o'ng tomonda — sahifalash tugmalari: ‹ 1 2 3 … 373 ›. Bu qator doim ko'rinib turadi, yozuvlar esa jadval ichida aylanadi.
- Sahifalar orasida «Oldingi» (‹) va «Keyingi» (›) tugmalari yoki raqamlar bilan yuring.
- Sahifa 7 tadan ko'p bo'lsa, oxirida «№» maydoni chiqadi: kerakli sahifa raqamini yozib, Enter bosing.
- Sahifani yangilasangiz (F5), o'sha sahifa qoladi.
- Filtr, qidiruv yoki davr o'zgarsa, ro'yxat birinchi sahifaga qaytadi.
Tanlangan davrda hech narsa bo'lmasa, «Bu davrda hodisa yo'q» yozuvi chiqadi.
Kim nima qilganini topish: misollar
Seansni kim tugatganini bilish.
- Davrni o'sha kunga qo'ying (bugun yoki kecha bo'lsa — «Bugun» yoki «Kecha» tugmasi).
- «Barcha kategoriyalar» ichida seanslar kategoriyasini tanlang.
- «Hodisa, PC yoki mijozni topish» maydoniga PC nomini yozing (masalan, PC012).
- «Kim» ustuniga qarang: xodim ismi, mijozning o'zi yoki «Taymer».
Sozlamani kim o'zgartirganini bilish.
- Kategoriyalardan sozlamalarni tanlang.
- «Tafsilotlar» ustunida sozlama nomi (Sozlamalar sahifasidagi nomi bilan) va eski → yangi qiymat yoziladi, «Kim»da — kim o'zgartirgani.
Bitta xodimning smenadagi ishini ko'rish.
- «Xodimlar» tugmasini bosing.
- Davrni smena kuniga qo'ying.
- Qidiruvga xodim ismini yozing.
PC ekranini kim ko'rganini bilish.
- Kategoriyalardan kompyuterlarni tanlang.
- Qidiruvga PC nomini yozing. Har bir ko'rish va boshqaruv alohida yozuv bo'ladi; ekran surati serverda saqlanmaydi.
Svet o'chganda nima bo'lganini tekshirish.
- Davrni o'sha kunga qo'ying.
- «Tizim» tugmasini bosing.
- «Svet o'chdi» yozuvini va undan keyingi PC buyruqlari (avtomatik yoqish urinishlari), pauza va seans yozuvlarini ko'ring. Bir xil yozuvlar guruhga yig'ilgan bo'lsa, «Yana N»ni bosib oching.
Kimlar ko'ra oladi
«Loglar» bo'limini ko'rish uchun xodimning rolida hodisalar jurnaliga ruxsat yoqilgan bo'lishi kerak. Ruxsatlarni qanday berish — Xodimlar va huquqlar bo'limida.
Bog'liq bo'limlar: Seans: ochish, vaqt qo'shish, pauza, ko'chirish, tugatish, Mijozlar: hisob, balans va bonus, PC'lar, Sozlamalar (1): Boshqaruv paneli, Shell, Xavfsizlik, Bronlash.